O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro muzeylar kuniga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi

2015 yil 18 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida  jahonda 1977 yildan buyon nishonlanib kelayotgan Xalqaro muzeylar kuniga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Mazkur bayramning maqsadi – jamiyatda odamlarning muzeylar ahamiyati to‘g‘risidagi bilimlarini kengaytirishga intilish, muzeylarning xalqimiz ma’naviy-axloqiy kamolotida tutgan o‘rnini oshirish, muzeylardagi noyob eksponatlar orqali boy milliy madaniy merosimizga hurmat-ehtirom tuyg‘ularini tarbiyalash, katta, o‘rta va kichik shaharlarda istiqomat qiluvchilarni bir kun bo‘lsa-da kundalik tashvishlardan tin oldirib muzeylarga sayohat uyushtirib, go‘zallikka oshno qilish.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan  xalqimizning boy tarixi, ma’naviy va madaniy qadriyatlari, xalq an’analari va turmushi ma’lumotlari saqlanayotgan 1200ta muzeylar bugun millionlab tashrif buyuruvchilar uchun o‘z eshiklarini ochdi.

dsc_4234

Mazkur kitob-rasmli ko‘rgazmada tashrif buyuruvchilarni mashhur badiiy galereyalar va dunyo muzeylari bilan tanishtiruvchi kitoblar, jurnallar, risolalar va fotosuratlar o‘rin oldi. Shuningdek, bu yerda ochiq osmon ostidagi muzeylar, shahar-muzeylar va zamonaviy muzeylarning imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot jamlangan.
“O‘zbekiston obidalari. Durdona bitiklar”, “100 velikix muzeev mira”, “Muzey pod otkrыtыm nebom”, “100 velikix dvorsov mira”, “Gollandskaya janrovaya jivopis XVII veka v sobranii Gosudarstvennogo ermitaja”, “O‘zbekiston davlat san’at muzeyi noyob xazinasidan”, “Farg‘ona viloyat o‘lkashunoslik muzeyi”, “Samarqand muzeyi durdonalari”, “Buxoro davlat arxitekturno-badiiy muzeyi va qo‘riqxona”, “Shoxi-zinda” kitoblari, “Mir muzeya” va “Muzey” maxsus jurnallari sahifalarida  foydalanuvchilar muzeylar eksponatlari— tarixiy yodgorliklar, amaliy san’at namunalari, turli asrlarga doir me’moriy obidalar, moddiy va ma’naviy madaniy meros, shuningdek, ba’zi muzeylarning bugungi kundagi faoliyati bilan tanishadilar.